2017-10-14 12:58:42 1425

Tairova Malika bilan batafsil intervyu!

Bizning sahifamizda Tairova Malika bilan batafsil intervyu. Yo'llanma bo'yicha kuzatib boring.

To'liq ism sharifingiz?
Tairova Malika Baxtiyor qizi.

Yoshingiz
25 yosh

Birinchi ommaviy nutqingiz-chiqishingiz?
Maktabda tahsil olgan davrlarda, “Balli qizlar” tanlovida agar adashmayotgan bo’lsam)

Ta'lim olgan yo’nalishingiz va kasbiy faoliyat
2010 yili Respublika Estrada Sirk kollejining “Estrada aktyorligi” bo’limini, 2014 yili O’zbekiston Davlat San’at va Madaniyat institutida ham “Estrada aktyorligi” bo’limini tugatganman. Ish faoliyatimga kelsak, mening ilk ishim animatorlik bo’lgan, u payt 15 yosh edim) Oliygohni bitirganimdan so’ng 2 yil mobaynida Respublika Estrada Sirk kollejida aktyorlik mahoratidan dars berib, o’qituvchilik faoliyatini olib bordim. “ZO’R TV” telekanaliga kelishimdan oldin esa “United Soft” kompaniyasida liboslar bo’yicha rassom bo’lib ishlaganman.

Yutuqlaringiz?
Yutug’im…hayolimga hech narsa kelmayapti) Menimcha g’ururlanishimga sabab bo’la oladigan yutuqlarim hali yo’q.

Bolaligingizda kim bo’lishni orzu qilgan edingiz?
Dizayner yoki jurnalist. O’ylab qarasam, bugungi ish faoliyatim mening orzularimning yig’indisi ekan)

Qanday qilib teleboshlovchi bo’ldingiz?
“Dance” loyihasining muallifi Samandarov Samad menga qo’ng’iroq qilib kanal tomonidan uyushtiriladigan kastingga taklif etdi. Eng qizig’i “qo’limdan kelmaydi” deb bir necha marotaba taklifni rad etganman. Gapimga quloq solmay, kelib kuchimni sinab ko’rishimni talab qilgan Samadga fursatdan foydalanib rahmat aytaman)))

Ishingizning yaxshi va yomon taraflarini sanab bering.
Yomon taraflari yo’q, butun Respublikaga ma’lumot yetkazish katta mas’uliyatligini hisobga olmasa… lekin buni “kamchilik” deb bo’lmaydi. Yaxshi taraflari esa – ko’p) Zo’r tv mening ikkinchi uyim, kasbdoshlarim esa ikkinchi oilamdek bo’lib qoldi.

Yaqin 10 yilga qanday rejalaringiz bor?
Oila qurib, albatta Xudo Xohlasa farzandli bo’lish. 2-3 ta tillarni, meni qiziqtirayotgan sohalarni chuqurroq o’rganish.

Sizga eng ko’p beriladigan savolni ayting va unga javob bering?
Yoshim haqida, yuqorida javob berib o’tdim)

Havas qiladigan odamingiz kim (кумир)?
Atrofimdagi har bir mendan ko’ra kuchli, tajribali, hurmatga sazovor dunyoqarashga ega bo’lgan inson, avtomatik ravishda havas qiladigan insonimga aylanadi.

Ko’rsatuvni tasvirga olish jarayoni siz uchun odatiy holmi yoki hayajonli holatmi?
Albatta “Garderob” ko’rsatuvining sur’atga olish jarayoniga men o’rganib ketdim, lekin ba’zida intervyu boshlanishidan oldin hayajonlanishim mumkin) Mehmonim kim ekanligiga bog’liq.

Hammadan Zo’r nimani qila olasiz?
Voy…) Bilmayman… hammadan Zo’r sir saqlay olsam kerak))

Hayotdagi shioringiz?
Qandaydir hodisa ro’y berdimi? Demak shunday bo’lish kerak edi. Hammasi yaxshilikka.

Siz uchun eng yaxshi sovg'a nima bo'lishi mumkin?
Men uchun qadrli insonimdan olgan sovg’a, doimo eng yaxshi sovg’a bo’ladi.

Sizni ranjitadigan eng yomon narsa nima?
Albatta yolg’on.

Sizning garderobingizdagi eng sevimli narsangiz?
Maxi uzunlikdagi yubka hamda ko’ylaklar. Klassik uslubidagi beli baland bichimli shimlar. Eng qizig’i didim yaqinda o’zgarganligi tufayli, garderobimda hali hech qaysinisi yo’q)

Siz musiqada afzal ko’rgan yo’nalishingiz?
Men melomanlar qatoriga kirsam kerak. Faqat Rock va Metallika yo’nalishidagi musiqani eshita olmayman xolos.

Yaqin orada ko’rgan filmlarizdan qay biri Sizda taassurot qoldirdi?
Yaxshi kino ko’rmaganimga ancha bo’ldi… uyat bo’lsa ham, tan olishim kerak) Lekin Omar Si ijrosidagi “1+1” kinosini bir necha marotaba ko’rgan bo’lsam ham, yana bir necha marotaba ko’rishga tayyorman)

Xaritadagi qay bir joy Sizning hayratlantirdi?
Livan davlati hamda Tailand orollari.

Kinofilmda (yana) sur’atga tushishni istaysizmi?
Yaxshi rejissyor bilan ishlab ko’rgim keladi albatta, bu doimo katta maktab.

Tasvirga olish maydonida yuz bergan eng kulguli voqeani eslay olasizmi?
Suratga olish jarayonimiz doimo kulgi bilan o’tadi, negaki 3-4 ta odamdan iborat bo’lgan jamoamiz juda ahil. Eng kulgilisini eslay olmayman. Lekin joyimda gapirib turib, Piza minorasiga o’xshab ag’anayotgan kadrlarim juda ko’p. Ijodiy guruhim, bir kun hammasini yig’ib ommaga chiqartirish fikri bilan yuribdi) Sababi, shu yoshimga kelib poshnada na yaxshi yurishni, na turishni bilaman.

ZO'R TV telekanali Siz uchun qanday ahamiyatga ega?
Tepada aytib o’tganimdek – “ZO’R TV” mening hayotimda juda ham katta qismni egallab olgan. Bu katta “oilaning” a’zosi ekanligimdan juda xursandman. Har kunim ishda o’tadi, “Uying bormi o’zi?” degan savol ko’p berishadi, menimcha mendan hamma charchagan)

Telekanalimizning qay bir boshlovchisi bilan tajriba almashgan bo’lardingiz?
Real Xit ko’rsatuvining boshlovchisi Jahongir Xadjayev, o’zining improvizatsiyaga tayyorligi hamda shijoati bilan lol qoldiradi. Menda bu xislatlar yo’q)

Tomoshabinlarimizga tilaklaringiz?
Ko’proq tabassum qiling) Hayotingizda qanday bo’ronlar bo’lmasin, ichki xotirjamligingizni yo’qotmaslikga harakat qiling. Negaki hammasi o’tkinchi. “ZO’R TV” telekanalini tomosha qilishda davom eting, ishonishingiz mumkin – “ZO’R TV”ning har bir xodimi sizning ko’nglingizni ovlash maqsadida, ertalabdan kechgacha harakat qiladi)


Social:
Instagram: @tairovam;